Rahbariyat ma'ruzalari

Lizing bozoridagi zamonaviy xizmatlar

 

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda


Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Istiqlol yillarida mazkur soha tubdan isloh qilinib, uning samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning muhim omili sifatida ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilayapti. Sababi, respublikamizda sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘prog‘i turli darajada sho‘rlangan bo‘lib, bu hol tuproq unumdorligi, ekinlar hosildorligiga doimo xavf solib turadi.
Biroq yurtimizda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sizot suvlari sathini pasaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilib, tizimli chora-tadbirlar olib borilayotgani tufayli muammolar o‘z yechimini topmoqda. Bu haqda so‘z yuritilganda, Prezidentimizning 1993 yil avgust oyidagi “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida” asarida ayni shu masala yuzasidan kuyunchaklik bilan bildirgan fikrlari yodga tushadi: “Yerlarning meliorativ holatiga e’tiborni hech qachon susaytirmaslik kerak. Agar biz shunday qilmasak, istiqboldan mahrum bo‘lamiz”.

Darhaqiqat, ushbu jihat doimo diqqat-e’tiborda. Ahamiyatlisi, o‘tgan davr mobaynida kompaniya lizing xizmatlaridan foydalangan holda, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini mustaqil o‘zi amalga oshirayotgan fermer xo‘jaliklari ham paydo bo‘ldi. To‘rtko‘l tumanidagi “Isoq bobo” va “To‘rtko‘llik So‘g‘diyona”, Qorako‘l tumanidagi “Sayyod zamini”, Romitan tumanidagi “O‘rinobod”, Narpay tumanidagi “Shukur Jabborov”, Uzun tumanidagi “To‘rayev Nodir Nurullayevich” kabi ko‘plab fermer xo‘jaliklari faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bularning bari qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish bo‘yicha hayotga tatbiq qilinayotgan dasturlar, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, xo‘jaliklarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan tizimli islohotlarning yuksak samarasidir.
Yurtboshimizning 2007 yil 29 oktyabrda qabul qilingan “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohadagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Gap shundaki, Farmon ijrosini ta’minlash, melioratsiya ishlarini moliyalashtirishning prinsipial yangi mexanizmini joriy etish maqsadida Moliya vazirligi huzurida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasini boshqarish departamenti tashkil etildi. Shu bilan bir vaqtda, aniqrog‘i, Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 21 dekabrdagi qaroriga asosan, “O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasini tashkil etildi. Mazkur kompaniya faoliyatini davlatimiz rahbarining 2008 yil 19 apreldagi “2008-2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifasi — sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilash maqsadida lizing oluvchilarga zamonaviy meliorativ texnikalarni yetkazib berayotgani muvaffaqiyatlarning bosh omili bo‘ldi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 maydagi “Melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan davlat unitar korxonalarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan 49 ta davlat unitar korxonasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning raqobatdoshligini oshirish, Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Natijada o‘tgan vaqt ichida suv xo‘jaligi hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va muassasalarga lizing asosida 2000 dan ortiq yuqori unumli meliorativ texnikalar, shu jumladan, 781ta ekskavator, 240 ta buldozer va boshqa mashina-mexanizmlar yetkazib berildi.
Ta’kidlash kerakki, tizimga zamonaviy texnikalarning jalb etilishi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini sifatli bajarish, yer osti suv sathini pasaytirish imkonini yaratmoqda.

Keyingi yetti yilda 1 trillion 627 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 2 million 45 ming gektar ekin maydonining meliorativ holati yaxshilangani, bu, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi oshishiga xizmat qilayotgani quvonarlidir. Soha korxonalari va fermer xo‘jaliklarini meliorativ texnikalar bilan ta’minlashning eng qulay usuli lizing hisoblanadi. Chunki moliyaviy xizmatlarning ushbu turi imtiyozli shartlarda, uzoq muddatga taqdim etiladi. Bizning kompaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida xalqaro standartlarga javob beradigan ilg‘or usullar joriy qilinayapti. Buning samarasi o‘laroq, bugungi kunda lizing loyihalarini mamlakatimizning istalgan hududida amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Lizing hujjatlarini tayyorlash borasida joylardagi mutaxassislar ularga amaliy yordam berishadi. Pirovardida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami tobora kengayib, kompaniya lizing portfeli moliyaviy ko‘rsatkichi o‘tgan yil davomida 26 foiz oshdi. 2015 yilda lizing oluvchilarga 257 ta zamonaviy texnika va mexanizm yetkazib berilib, bu borada avvalgi yildagiga nisbatan 60 foiz o‘sish ta’minlandi.

Tahlillarga qaraganda, kompaniya tomonidan yetkazib berilayotgan meliorativ texnikalarning turlari ham yildan-yilga ko‘paymoqda. Xususan, hozirgi kunda mijozlarga zanjirli ekskavator, buldozer, avtosamosval, avtokran, avtobenzovoz, “TTZ-100 NS” va “TS-135” rusumli traktorlar, kanal yuvish mashinalari singari 20 ga yaqin texnika vositalari lizing asosida taklif etilayapti. Bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlari ko‘lamini kengaytirish imkonini berayapti.

Prezidentimizning 2013 yil 19 apreldagi “2013 — 2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1958 qarori sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unda bir-biri bilan uzviy bog‘liq holdagi irrigatsiya hamda melioratsiya tadbirlarini birgalikda olib borish, ob’ektlarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash-tiklash, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali obihayotdan unumli foydalanish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur hujjatga muvofiq, besh yil davomida irrigatsiya tizimida 2 ming 103 kilometrlik sug‘orish kanallari qurish, 96 ta gidrotexnik inshoot barpo etish, 558 ming 571 kilometrlik sug‘orish kanallarini ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilsa, melioratsiya jabhasida 3 ming 852 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish, 75 ming 507 kilometrlik zovurlarni ta’mirlash-tiklash hamda keng ko‘lamdagi rekonstruksiya qilish tadbirlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, ushbu davr mobaynida “O‘zmeliomashlizing” kompaniyasi tomonidan meliorativ texnikalar parkini yangilash maqsadida 836 ta zamonaviy texnika va mexanizmlar yetkazib berilishi, buning evaziga 1170 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Shundan kelib chiqib, birgina 2015 yilda 53 mlrd. so‘mlik 257 ta meliorativ texnika vositalari yetkazib berildi. Davlat dasturi asosida sotib olingan texnika vositalari umumiy qiymatining 85 foizi imtiyozli resurslar hisobidan moliyalashtirilgani diqqatga sazovor.

Keyingi yillarda kompaniya tomonidan iqtisodiy rivojlanish strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish doimiy e’tibor markazida turibdi. Ya’ni yurtimiz ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda. Xususan, 2014 yilda Xorazm viloyatida faoliyat boshlagan “UzXCMG” qo‘shma korxonasidan ekskavator va buldozerlar xarid qilinib, lizing oluvchilarga yetkazib berilayotgan bo‘lsa, “UzCase” qo‘shma korxonasidan kichik ekskavator yuklagichlar sotib olinayotir. Bu kabi sa’y-harakatlar tufayli 2014 yilda texnikalarning 70 foizi, o‘tgan yili esa 85 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilingani, ayniqsa, quvonarlidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bu borada yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Negaki, u nafaqat hududiy va tarmoq ichida, balki tarmoqlararo hamda xalqaro aloqalarni takomillashtirish, ishlab chiqarishga xorij investitsiyasini jalb etish, yangi hamkorlar ishtirokida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratib bermoqda. Shu ma’noda, ushbu tadbir yurtimiz ishlab chiqaruvchilariga o‘z mahsulotlarini kengroq namoyish qilib, kelgusi yil uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish, joriy yilga qo‘shimcha shartnomalar imzolash imkonini berayapti. “O‘zmeliomashlizing” kompaniyasi ham ushbu yirik sanoat forumining faol ishtirokchisi o‘laroq, uning doirasida mijozlar buyurtmalari asosida bitimlar tuzilib, tizimga zamonaviy texnikalar jalb etilayapti.

Lizingga berilgan texnikalarga zamonaviy servis xizmati ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida kompaniya qoshida “Meliomashlizingservis” sho‘’ba korxonasi tashkil qilingani muhim omil bo‘lmoqda. Chunki u yangi diagnostika uskunalari bilan to‘liq jihozlangan, uning har bir viloyatda tashkil etilgan filiali orqali tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatib kelinayapti.
Shu o‘rinda meliorativ texnika, mashina va mexanizmlar uchun chet eldan olib kelinayotgan zarur ehtiyot qismlar hamda butlovchi buyumlar 2018 yilga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod etilganini alohida aytish joiz. Bu korxona aylanma mablag‘larining ko‘payishi, servis xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi oshishida muhim manba bo‘lmoqda.Qaysi soha bo‘lmasin, uning istiqbolini mutaxassislarning salohiyati belgilab beradi. Shu bois ham mamlakatimizda irrigatsiya va melioratsiya tizimi uchun yetuk kadrlarni tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilayapti. Bu jarayonda kompaniya ham faol ishtirok etib, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, ko‘plab kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan yili o‘quv muassasalarini axborot texnologiyalari bilan ta’minlash, shuningdek, suv xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari malakasini oshirish kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni moliyalashtirishga moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, talabalar o‘qish davomida egallagan nazariy bilimlarini mustahkamlashi uchun tizimda barcha shart-sharoit yaratib berildi. Ya’ni ular kompaniya servis bazasi hamda Toshkent viloyatidagi servis sho‘’ba korxonasida amaliyot o‘tamoqdalar.

Melioratsiya texnikalaridan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida 2015 yildan e’tiboran ularga elektron kuzatuv moslamasi — GPS navigatorlari o‘rnatila boshlandi. Mazkur qurilma yordamida masofadan turib texnika vositalari haqida muntazam ma’lumot olib turish mumkin. Bugungi kunga qadar 1300 dan ziyod mashina-mexanizmlar ana shunday moslama bilan jihozlandi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish nafaqat joriy yil, balki yaqin istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu kompaniya zimmasiga ham qo‘shimcha vazifalar yuklashi barobarida, xizmatlar ko‘lamini kengaytirishni taqozo etadi. Zotan, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanishi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish, dehqon va fermerlarning moddiy manfaatdorligini kuchaytirish, pirovardida aholi turmush farovonligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.

 

Akrom SULAYMONOV,
“O‘zmeliomashlizing” lizing kompaniyasi
ijro etuvchi direktori