“BankExpo – 2018”: Moliya-bank islohotlarining yangi davri

2018-04-19 00:00:00

Toshkentdagi “O‘zko‘rgazmasavdo” markazida bank-moliya xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari namoyishiga bag‘ishlangan “BankExpo – 2018” milliy ko‘rgazmasi boshlandi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitalari, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. 
Ko‘rgazmada asosiy e’tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi, iste’molchilar huquqini himoya qilishni ta’minlash mexanizmi, innovatsion rivojlanish tamoyilidagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishga qaratilgan. O‘z navbatida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar muhokama etilmoqda. 
Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, issiqxona xo‘jaligi, uzumchilik kabi qishloq xo‘jaligi loyihalari, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish loyihalarini moliyalashtirishning zamonaviy usullari to‘g‘risidagi taqdimotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda. 
“BankExpo – 2018” milliy ko‘rgazmasida tizimdagi yangiliklar, interaktiv xizmatlar, xususan, internet-banking, bank-moliya muassasalari va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori pog‘onaga olib chiquvchi eng so‘nggi axborot dasturlari bilan tanishish mumkin. Tadbirkorlikni, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlashga doir mutasaddi tashkilotlar ham o‘z xizmatlarini namoyish etmoqda. 
– Ko‘rgazmada har yili faol ishtirok etamiz. O‘zbekiston bank tizimida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Agrobank” ATB Axborot texnologiyalari departamenti direktori Z.Mamajonov. – Bu yilgi ko‘rgazmada eng so‘nggi texnologiya va zamonaviy xizmatlar namoyish etilmoqda. Bankimiz tomonidan paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlari yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari uchun yangi – masofadan turib imtiyozli kreditni o‘zlashtirish va ma’lumot olish tizimini yo‘lga qo‘yish arafasidamiz. Bugungi tadbirda shu kabi xizmatlarni namoyish etayapmiz. Hamkasblarimiz tajribasi bilan o‘rtoqlashib, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishga harakat qilayapmiz. 
Ko‘rgazmada bank-moliya xizmatlari iste’molchilari uchun maslahat berish va ko‘maklashish xizmati joriy etilgan. 
Ko‘rgazma doirasida tijorat banklari, lizing assotsiatsiyalari, yetakchi sug‘urta hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlari namoyishi, davra suhbatlari hamda seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Manba: UzA