“O‘zekspomarkaz”da Markaziy Osiyodagi eng yirik ekspozitsiya namoyish etilmoqda

2017-09-14 00:00:00

“O‘zekspomarkaz”da “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2017” hamda “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2017” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi. 

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, Savdo-sanoat palatasi, “Osiyo ramzi” O‘zbekiston modelyerlar va dizaynerlar uyushmasi ko‘magida ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va ITE kompaniyalari guruhi (Buyuk Britaniya) tomonidan tashkil etildi. 

Engil sanoat iqtisodiyotimizning ko‘p tarmoqli va innovatsion jihatdan jozibador sohasidir. Bugun mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tuzilmaviy qayta tashkil etish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tarmoqda 900 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilgan holda 77 yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yigirilgan ipni bo‘yashni uch, trikotaj tasmasini bir yarim, tayyor matolarni ikki, to‘quv-trikotaj mahsulotlarni uch, paypoq mahsulotlarni ikki marotabaga oshirish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini o‘stirish mo‘ljallangan. Loyihalar ijrosi 40 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishiga zamin yaratadi. 

“To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2017” va “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2017” xalqaro ko‘rgazmalari ishtirokchilari safi va geografiyasi kengayib borayotgani mazkur forumni MDH va Markaziy Osiyodagi eng yirik ekspozitsiyaga aylantirmoqda. Joriy yilgi ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Avstriya, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Lyuksemburg, Niderlandiya, Rossiya, Ruminiya, AQSh, Turkiya, Fransiya, Chexiya, Shveytsariya, Janubiy Koreya, Yaponiya singari 22 davlatdan 350 dan ortiq kompaniya zamonaviy texnologiyalari hamda mahsulotlarini namoyish etmoqda. 

Dunyo jamoatchiligining mamlakatimiz yengil sanoati tarmog‘ida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan xabardorligini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimiz tadbirkorlik subyektlarining taniqli xorijiy kompaniyalar eng so‘nggi texnologiyalari bilan tanishish, yetakchi chet ellik ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish hamda tajriba almashish borasida qulay maydonga aylangan “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME” ekspozitsiyalari ishtirokchilar bilan gavjum. Ko‘rgazmaning yigiruv uskunalari, kalavalash mashinalari, to‘qimachilik, tikuv, bo‘yash va pardozlash uskunalari bo‘limlarida to‘quv uskunalari, bosish mashinalari, paypoq avtomatlari, kompressorlar, tikuv ignalari, sifatni nazorat qilish tizimlari, to‘quvchilikda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar, bo‘yoqlar singari ishlab chiqarish jarayoni uchun zarur jihoz va ashyolar namoyish etilmoqda. 

Joriy yildagi ko‘rgazmada Germaniyaning “ZSK Stickmaschinen ABM” va “Anlagenbau und Maschinentechnik Gmbh”, AQShning “Navis Tubtex”, Hindistonning “Elgi Ultra”, “Sabar Spinmatic”, Turkiyaning “Effe Makine”, “Ay Yildiz”, “Fuzyon”, “Inter Tekstil”, Rossiyaning “Detel” kabi 70 xorijiy kompaniyasi o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. 

Ko‘rgazmaning an’anaviy ishtirokchilari bo‘lgan italiyalik ishbilarmonlarning safi yanada kengaygan. Italiya tashqi savdo instituti hamda Italiya to‘qimachilik mashinasozligi uyushmasi tomonidan tashkil etilgan Italiya milliy stendida 17 kompaniya vakillari qatnashmoqda. 

– Mamlakatingizda o‘tkazilayotgan to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari xalqaro ko‘rgazmasida muntazam qatnashamiz, – deydi “Lonati SpA” kompaniyasining mintaqaviy menejeri I.Petropolakis (Italiya). – O‘tgan yillar mobaynida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik va qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirdik. Bu borada “Uztex” kompaniyalari guruhi yirik hamkorimiz hisoblanadi. Kelgusida ham samarali hamkorlik qilamiz, degan umiddamiz. 

Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston kompaniyalari faol qatnashmoqda. Bu esa xorijlik ishlab chiqaruvchilarning mamlakatimizga qiziqishi tobora ortayotgani, bozorda yetakchi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat kuchayib borayotgani bilan bog‘liqdir. 

– 2006-yildan beri mamlakatimiz tadbirkorlariga to‘qimachilik sanoati uchun tikuvchilik mashinalari, asbob-uskunalari va ehtiyot qismlari yetkazib bermoqdamiz, – deydi “Ertash” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili Tohir Hasanov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida bugun tadbirkorlarimizning dunyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari kengayib borayotgani, ishlab chiqaruvchilar sonining ortayotgani zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. 

Pavilyonlarda namoyish etilayotgan texnologiya va mahsulotlarning aksariyati ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan. Bu esa har gal eng yangi texnologiyalar hamda mahsulotlarni namoyish etayotgan xorijiy kompaniyalarning mamlakatimiz bozoridagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorligi ortayotganini ko‘rsatadi. 

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi to‘qimachilik sanoatida ham o‘z aksini topmoqda, – deydi “Astas Juki” kompaniyasining (Yaponiya) O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Norbekov. – Bu o‘rinda vakolatxonamizning 12-yillik faoliyati mobaynida mahalliy tadbirkorlarga 45 mingdan ziyod tikuv mashinasi yetkazib bergan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 7 mingdan ortganining o‘ziyoq paxta xomashyosidan qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan uzoqni ko‘zlagan islohotlar bo‘y ko‘rsatayotganidan dalolat beradi. 

An’anaga muvofiq “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2017” ko‘rgazmasi stendlarida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining eksportga mo‘ljallangan yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari keng namoyish etilmoqda. Ekspozitsiyada ichki va tashqi bozorlarda o‘zining doimiy mijozlariga ega “Uztex Group”, “Osborn Textile”, “Alkim Tekstil”, “Biryuza Group”, “Urganch Bakhmal”, “Namangan Momiq Sochiqlari”, “Sedat Triko” singari korxonalar qatnashmoqda. Ular kalava, trikotaj polotnosi, tayyor tikuvchilik-trikotaj, paxmoq buyumlar va boshqa ko‘plab mahsulotlarni namoyish etayotir. 

Qatnashchilarning fikricha, “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2017” va “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2017” xalqaro ko‘rgazmalari muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha o‘ziga xos maydonga aylanadi va amaliy munosabatlarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston yengil sanoatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Manba: UzA