“Uzbekistan Agrotech Expo – 2017”

2017-05-30 00:00:00

“O‘zekspomarkaz”da agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo – 2017” XII xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo – 2017” VI xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi boshlandi.

 

 “Uzbekistan Agrotech Expo – 2017” va “Uzbekistan Agromash Expo – 2017” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarida Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya, Belarus, Rossiya kabi o‘n beshdan ziyod davlatdan ellikdan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Ular namoyish etayotgan mahsulot va xizmatlar turi keng bo‘lib, ixcham liniyalar, qadoqlash texnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, chorva uchun yem tayyorlash jihozlari, o‘simliklar himoyasi uchun kimyoviy moddalar, terini qayta ishlash, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish kabi yuzga yaqin yo‘nalishni qamrab olgan.

O‘zbekistonning yetmishdan ziyod kompaniyasi o‘z stendlarida qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqarish borasida mamlakatimiz salohiyatini keng namoyish etmoqda. Meva-sabzavot va ko‘katlarni quritish kameralari, parrandachilik inkubatorlari, qadoqlash-o‘rash jihozlari, chizel-kultivator, eng chekka hududlardagi ob’ektlarni ham elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun mo‘ljallangan quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari xorijlik mehmonlar e’tiborini jalb etmoqda.

– Korxonamiz xonadonlar va dala hovlilarga biogaz uskunasi o‘rnatib berish bilan shug‘ullanadi, – deydi «Ekoravnaq» xususiy korxonasi rahbari Alijon Temirov. – Uskunalarimiz ko‘magida bir tonna tovuq, qo‘y, chorva chiqindisidan 120 kub gaz olish imkoni bor. Bu uyni va issiqxonani isitishga bemalol yetadi. Talabga qarab turli o‘lchamdagi biogaz uskunalarini o‘rnatib beramiz.

Dehqon va fermerlarimiz bugun xomashyo yetishtirish bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ular xorijning zamonaviy minitexnologiyalarini jalb qilgan holda, meva-sabzavot, go‘sht-sutni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l bo‘lishiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ko‘rgazma-savdo ham samarali bo‘lishi kutilmoqda. Italiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan meva-sabzavotni tozalaydigan uskunalar, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan moslamalar, turli muzlatkich agregatlar, vakuumli to‘ldirgichlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Germaniyaning «Agralis GmbH» kompaniyasi stendlari ham gavjum. Mamlakatimizdagi yirik chorvachilik yo‘nalishidagi «Baxt imkon rivoj chorvasi», «Yulduz», «Anortog‘ naslchilik bug‘doychilik», «Yangiyo‘l chorva zamin» kabi fermer xo‘jaliklarida mazkur kompaniya loyihalari tatbiq etilgan.

«Uzbekistan Agromash Expo – 2017» xalqaro ko‘rgazmasida «Agregat zavodi» va «Chirchiqqishloqmash» aksiyadorlik jamiyatlari tarkibidagi korxonalar, «Case New Holland», «Class», «Lemken», «Amkodor» va boshqa yetakchi xorij kompaniyalarining yetmishdan ortiq turdagi mahsuloti namoyish etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy minitexnologiyalarni keng jalb qilish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ko‘rgazmalarda mamlakatimizning barcha hududidan fermerlar, kichik biznes sub’ektlari taklif etilgan. Xaridlarni moliyalashtirish bo‘yicha tijorat banklari, lizing va sug‘urta kompaniyalari mutaxassislari tomonidan zarur maslahatlar berilmoqda. Shartnomalarni rasmiylashtirish, sotib olingan uskunalarni manzilga yetkazish bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatiladi.

Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Shu qatorida bizning kompaniya «Uzbekistan Agromash Expo – 2017» xalqaro ko‘rgazmasida qatnashmoqda.

Manba: UzA