M A ' L U M O T

2016-02-10 00:00:00

“O'zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tomonidan
2015 yil davomida bajarilgan ishlar to'g'risida

I. Davlat dasturining bajarilishi

Kompaniya tomonidan Davlat dasturi asosida Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi buyurtmasiga ko'ra Sug'oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg'armasi (keyingi o'rinlarda – Jamg'arma) mablag'lari hisobidan 2015 yilda jami 165 ta zamonaviy meliorasiya texnikalarini xarid qilish belgilangan edi.

Jamg'arma Kengashining 2015 yil 27 avgustdagi 01-03/1-250-sonli yig'ilish bayoniga ko'ra 2015 yilda Davlat dasturi asosida etkazib beriladigan meliorasiya texnikalarining soni 165 tadan 176 taga o'zgartirildi.

2015 yil davomida amalda Jamg'arma mablag'lari hisobidan umumiy qiymati 34,6 mlrd.so'mlik 165 ta meliorasiya texnikalari, Kompaniyaning o'z mablag'lari hisobidan umumiy qiymati 18,4 mlrd.so'mlik 92 ta meliorasiya texnikalari etkazib berildi. Ya'ni, Kompaniya bo'yicha umumiy qiymati 52,9 mlrd.so'mdan iborat bo'lgan jami 257 ta texnikalar lizing oluvchilarga etkazib berildi. Bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 26,4 mlrd.so'm yoki 150 foizga ko'p demakdir.

Jamg'arma mablag'lari hisobidan 2015 yilda etkazib berilishi rejalashtirilgan texnikalarning qolgan qismi 2016 yilning yanvar oyida lizing oluvchilarga etkazib beriladi.

Etkazib berilgan texnikalarning 60 tasi zamonaviy ekskavatorlar, 13 tasi bulьdozerlar, 15 tasi avtokranlar va 88 tasi boshqa texnika hamda mexanizmlardir.

2015 yilda Davlat dasturi asosida etkazib berilgan texnikalar qiymatining 85 foizi - 31,5 mlrd.so'm miqdorida Jamg'arma tomonidan moliyalashtirildi.

2015 yil davomida olingan qarz mablag'lari hisobidan Jamg'arma hisob raqamiga jami 21,2 mlrd.so'm, shu jumladan 18,2 mlrd.so'm asosiy qarz va 3,0 mlrd.so'm marja qaytarilishi ta'minlandi. Bu ko'rsatkich o'tgan yildagiga nisbatan 7,1 mlrd.so'm yoki 152,6 foizga ko'p demakdir.

37 ta payvandlash agregatlarini xarid qilish bo'yicha Ukrainaning “VNIIkompressormash” kompaniyasi bilan tuzilgan kontrakt Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiya, savdo va investisiya vazirligida kontraktni ekspertiza qilish uzoq cho'zilib ketishi oqibatida narxlar oshib ketganligi sababli bekor qilindi va hozirda zaxiradagi sotuvchi tashkilot bilan muzokara olib borilmoqda.

2015 yil oktyabr-noyabr oylarida o'tkazilgan IX Toshkent Halqaro yarmarkasi va kooperasiya birjasida 2016 yil Davlat dasturida belgilangan texnikalarni xarid qilish bo'yicha umumiy qiymati 45,54 mlrd.so'mlik 8 turdagi, jami 170 dona texnikalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olish bo'yicha 9 ta shartnomalar imzolandi.

II. Kompaniyaning moliyaviy-iqtisodiy holati

Kompaniyaning moliyaviy-iqtisodiy faoliyati o'tgan davrlarga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan. Kompaniyaning bugungi kundagi lizing operasiyalari bo'yicha aktivlari 251,6 mlrd.so'mni tashkil qildi va bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan 53,4 mlrd.so'm yoki 127,0 foizga ko'p demakdir.

2015 yilning dekabr holatiga lizing portfelida jami lizingga berilgan texnikalar soni 1947 tani, portfeldagi umumiy lizing qiymati 312,7 mlrd.so'mni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich o'tgan yildagiga nisbatan 63,9 mlrd.so'mga ko'paygan yoki 125,0 foizga o'sgan.

2015 yil uchun to'lanishi lozim bo'lgan lizing to'lovlari 28,8 mlrd.so'mni tashkil qilgani holda, o'tgan yillardagi qoldiq to'lovlar undirilib, jami 29,1 mlrd.so'm lizing to'lovlari to'landi. Bunda lizing xizmatidan olingan daromad 4,69 mlrd.so'mni tashkil qildi.

III. Lizing to'lovlari bo'yicha qarzdorliklarni undirilishi

Lizing oluvchilar tomonidan 2016 yilning 1 yanvar holatiga Kompaniya hisob raqamiga 46,2 mlrd. (01.01.2015 y.da 27,6 mlrd.) so'm mablag', shu jumladan 12,4 mlrd. (01.01.2015 y.da 4,6 mlrd.) so'm oldindan 15 foizli bo'nak to'lovlari va 31,24 mlrd. (01.01.2015 y.da 23,0 mlrd.) so'm lizing to'lovlari tushirilgan, ya'ni o'tgan yilning shu davriga nisbatan solishtirganda umumiy tushum 18,6 mlrd.so'mga ortgan.

Barcha meliorasiya texnikalari masofadan kuzatuvchi zamonaviy GPS qurilmalari bilan ta'minlandi va texnikalar harakati nazoratga olindi.

Lizing to'lovlari bo'yicha qarzdorliklarni so'ndirish maqsadida Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, viloyat xokimliklari va Irrigasiya tizimi havza boshqarmalariga qilingan murojaatlar natijasida ushbu mutasaddi idoralar yordamida qarzdorliklarni qisqartirishga erishildi.

Joriy yil davomida lizing to'lovlari bo'yicha muddati o'tgan qarzdorlikka yo'l qo'ygan 7 ta davlat unitar korxonalari, ITBlar va boshqa lizing oluvchilardan mavjud qarzdorliklarini undirish uchun xo'jalik sudlariga 1,75 mlrd.so'mlik da'vo arizalari kiritildi va sud qarorlari bilan qarzlar yanada qisqartirildi.

2015 yilning 1 yanvariga qoldiq qarzdorlik 3,2 mlrd.so'mni tashkil qilgan bo'lsa, 2016 yilning shu davriga nisbatan qoldiq qarzdorlik 2,9 mlrd.so'mga qisqartirildi.

Katta miqdordagi qoldiq qarzdorlik asosan Jizzax (772,0 mln. so'm), Sirdaryo (620,0 mln. so'm) va Surxondaryo (420,0 mln. so'm) viloyatlariga to'g'ri keladi.

IV. Axborot kommunikasiya tizimlari soxasida bajarilgan ishlar

O'zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo'yicha davlat inspeksiyasi tomonidan 2015 yilning aprel oyida Kompaniyamizda axborot kommunikasiya texnologiyalari (keyingi o'rinlarda – AKT) ni joriy etish va rivojlantirish borasida o'rganish o'tkazildi. O'rganish yakunlari bo'yicha kompaniyada AKT bo'yicha yo'l qo'yilgan kamchiliklar ko'rsatib o'tilib, tavsiyalar berildi.

Shu borada Axborot kommunikasiya texnologiyalarini kompaniyada rivojlantirish, vazirlik tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarni o'z vaqtida bajarilishini ta'minlash maqsadida “Lizing axborot texnologiyalari” MChJ bilan 2015 yil 10 aprelda 28-sonli autsorsing shartnomasi imzolandi. MChJ tomonidan kompaniyaning AKT soxasida reyting ballari 1-chorak yakuni bo'yicha 36.25 ball bo'lgan bo'lsa, yil yakuni bo'yicha bu ko'rsatkich 80.43 ballni tashkil etdi. Yil yakuniga ko'ra AKTga oid barcha topshiriq va vazifalar to'liq bajarildi.

Bundan tashqari, kompaniya Veb-saytining Vazirlar Mahkamasining 355-sonli qarori talablariga muvofiqlashtirish maqsadida UZINFOCOM markazi bilan 2015 yil 14 aprelda 29/st-sonli shartnoma imzolanib, kompaniya Veb sayti qaytadan yaratildi.

Rasmiy Veb-saytda, qabul qilinayotgan Hukumat qarorlari, Kompaniyada amalga oshirilayotgan ishlar, tarkibiy va kadrlarga oid o'zgarishlar, sohaga oid ilmiy yangiliklar va tavsiyalar doimiy ravishda yoritib borilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 apreldagi PQ-2158-sonli Qarori ijrosi bo'yicha Kompaniyada 2015-2020 yillarda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini kengroq tadbiq etish va rivojlantirish bo'yicha dastur ishlab chiqildi va tegishli vazifalar belgilab olindi

Respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2015 yil yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Hukumat yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, 2015 yilda kompaniya hamda sho‘’ba korxonasi faoliyatida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida 2016 yil 22 yanvarda Kompaniyaning umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.